Jack's Mannequin

Jack's Mannequin

“Jack’s Mannequin” – bu Amerika rok guruhi. U 2004 yilda vokalist va klavishnist Endryu Makmaxon tomonidan tashkil etilgan. Uningdan boshqa guruh tarkibiga gitarist Bobbi Anderson, basist Mikki Vagner va barabanist Jey Makmillan kirgan. Guruhning birinchi albomi 2005 yilda chiqarilgan. “Everything in Transit” nomli bu albom juda muvaffaqiyatli bo‘lgan: u “Billboard 200” reytingida 37-o‘rinni egallagan va birinchi haftada 22 000 dan ortiq nusxasi sotilgan. 2007 yilda jamoa ikkinchi albom ustida ish boshlagan. Shu vaqtda Endryu Makmaxon qon saratoni kasalligiga chalinganligini bilib olgan. Biroq u o‘z jamoasini tashlab ketmagan. 2008 yilda “YouTube” saytida Makmaxon tomonidan “Jack’s Mannequin” uchun yozilgan “Suicide Blonde” va “Caves” qo‘shiqlari paydo bo‘lgan. 2008 yil sentyabr oyida jamoaning ikkinchi albomi – “The Glass Passenger” chiqqan. Birinchi haftada 49 000 nusxasi sotilgan. “The Glass Passenger” ham “Billboard 200” ro‘yhatida sakkizinchi o‘rinni egallagan. 2009 yilda guruh “The Resolution” qo‘shig‘ini chiqargan, u “Billboard Hot Modern Rock Tracks chart”da 27-o‘rinni egallagan. Qo‘shiqdan keyin “Jack’s Mannequin”ning uchinchi albomi – “People and Things” chiqqan. “Jack’s Mannequin” guruhining rahbari Endryu Makmaxon, guruhdagi faol ishdan tashqari, xayriya ishlariga ham qatnashgan.