Ben Chaplin

Ben Chaplin

Ben Chaplin (inglizcha Ben Chaplin, haqiqiy ismi – Benedikt Jon Grinvud, inglizcha Benedict John Greenwood) – taniqli britaniyalik aktyor. 1969-yil 31-iyulda Londonda tug‘ilgan. Ota-onasi undan tashqari yana uchta bolani tarbiyalagan. Uning bolaligi Vindsorda, Berkshir grafligida o‘tkazilgan. Ta’limni Angliyaning eng qimmat kollejlari qatoriga kiruvchi “Hurtwood House” xususiy kollejida olgan. Keyinchalik Londonda joylashgan Gilduoll maktabi musiqa va dramatikasi (Guildhall School of Music and Drama) talabasi bo‘lgan. Uning kino debyuti 1993-yilda Jeyms Ayvori (James Ivory)ning “The Remains of the Day” filmidagi Charli roli bilan sodir bo‘lgan. Yangi aktyorga ushbu filmning suratga olish maydonchasida dunyo miqyosidagi mashhur aktyorlar kabi Entoni Xopkins (Anthony Hopkins), Emma Tompson (Emma Thompson), Jeyms Foks (James Fox) va Xyu Grant (Hugh Grant) bilan uchrashish nasib etgan. Ben Chaplinning yorqin debyuti tufayli boshqa rejissyorlar ham e’tibor qaratgan va tez orada takliflar birin-ketin kelib tushgan. Keng omma bu aktyor bilan “Game On” sitkomining birinchi seriyalari chiqqandan keyin tanishgan, unda u Metyu Meloun rolini ijro etgan. Shundan so‘ng Ben Chaplin “The Truth About Cats & Dogs”, “Washington Square”, “Birthday Girl”, “The Touch”, “Chromophobia”, “The Water Horse: Legend of the Deep”, “Dorian Gray” va boshqa ko‘plab to‘liq metrajli filmlarda paydo bo‘lgan. Uning ishtirokidagi filmlar deyarli har yili ekranga chiqqaniga qaramay, u teatr spektakllarida ishtirok etish uchun vaqt topgan. Masalan, u Nil En LaButening (Neil N. LaBute) “This Is How It Goes” spektaklida bir qahramon rolini o‘ynagan. Shuningdek, Ben Chaplin “The Glass Menagerie” spektaklidagi ikkinchi darajali eng yaxshi aktyor nominatsiyasida “Olivier” mukofoti bilan taqdirlangan va “Tony Award”ni “Eng yaxshi aktyor” sifatida olgan. 2011-yilda taniqli rejissyor Frensis Ford Koppolaning (Francis Ford Coppola) “Twixt Now and Sunrise” filmi chiqqan, unda Ben Chaplin Edgar Allan Po (Edgar Allan Poe) yozuvchisi rolini ajoyib ijro etgan.