Miranda Richardson - ingliz aktrisasi. U "Qora ilon" teleserialidagi Yelizaveta I malikasi, Leydi Van Tassel "Uyquli vodiy" filmida va Rita Skiter "Garry Potter va Oʻt kubogi" filmida oʻynagan rollari bilan mashhur. Miranda Richardson 1958-yil 3-mart kuni Buyuk Britaniyaning gʻarbiy qismidagi Lankashir grafligida tugʻilgan. Uning onasi - uy bekasi Marianna Jordinya Taunsend, otasi esa marketing boʻlimi mudiri Uilyam Alan Richardson. Qiz bolalikdan aktyorlikka moyilligini koʻrsatgan. Shunga qaramay, Miranda dastlab veterinariya oʻqishni xohlagan, lekin keyin bu fikrdan voz kechgan. 1980-yilda 22 yoshli Miranda birinchi marta "Birinchi kun" filmida ekranga chiqqan. Keyin u Britaniyaning "Notanish bilan raqs" dramasida bosh rolni oʻynagan, bu film Rut Ellis hayoti asosida suratga olingan. 1987-yilda Stiven Spilbergning "Quyosh imperiyasi" filmi chiqqan, unda Miranda Misiz Viktor rolini ijro etgan. 1988-yilda "Ikkinchi ekran" teleserialidagi Julia Perri roli uchun aktrisa BAFTA TV mukofotiga eng yaxshi ayol roli nominatsiyasida nomzod boʻlgan. 1986-1989-yillarda "Qora ilon" komediya teleseriali chiqqan, unda aktrisa Yelizaveta I malikasi rolini oʻynab, katta shuhrat qozongan. 1992-yilda Miranda Nil Jordan tomonidan suratga olingan "Shafqatsiz oʻyin" psixologik trillerida Jud OʻXara rolini ijro etgan. 1993-yilda aktrisa bir nechta nufuzli kinomukofotlarini qoʻlga kiritgan. Birinchi navbatda, "Zarar" filmidagi ikkinchi darajali ayol roli uchun BAFTA mukofotini olgan. Ikkinchidan, "Sehrli aprel" filmidagi roli uchun "Oltin globus" mukofotining komediya yoki myuzikl turkumidagi eng yaxshi ayol roli nominatsiyasida gʻolib chiqqan. Uchinchidan, "Zarar" filmidagi ikkinchi darajali ayol roli uchun "Oskar" mukofotiga nomzod boʻlgan. 1995-yilda Miranda Richardson "Faterlyand" filmidagi ikkinchi darajali ayol roli uchun "Oltin globus" mukofotini qoʻlga kiritgan va "Tom va Viv" filmidagi roli uchun "Oskar" mukofotining eng yaxshi ayol roli nominatsiyasida ikkinchi marta nomzod boʻlgan. 1999-yilda Miranda Tim Burtonning "Uyquli vodiy" filmida Leydi Van Tassel rolini oʻynagan. 2005-yilda aktrisa "Garry Potter va Oʻt kubogi" fantaziya filmida Rita Skiter rolini ijro etgan. 2014-yilda "Walt Disney Pictures" studiyasining "Malefisenta" fantaziya filmi chiqishi kutilmoqda, rejissyor Robert Stromberg. Filmning bosh rollarida Miranda Richardson, Anjelina Joli, El Fenning va Sharlto Kopli oʻynagan. Aktrisaning bir qizi bor. Hozirda Miranda Richardson Londonda yashaydi. Boʻsh vaqtida u chizmachilik bilan shugʻullanadi, shuningdek, moda, bogʻbonchilik va qush ovlashga qiziqadi.