Svyatoslav Podgaevskiy

Svyatoslav Podgaevskiy – Rossiyalik rejissyor, ssenariy muallifi, montajchi va klipmeyster, u asosan qoʻrqinchli janrda filmlar suratga oladi. Svyatoslav oʻz karerasini qisqa metrajli filmlar bilan boshlagan va keyinchalik uning filmografiyasida “Vlasenie 18” (2013), “Pikovaya dama: Qora marosim” (2015) va “Nevesta” (2017) kabi filmlar paydo boʻlgan. Podgaevskiy Svyatoslav Yuriyevich 1983 yil 8 fevralda Moskvada tugʻilgan. Institutning birinchi kurslarida oʻqiyotgan vaqtida u Gʻorkiy nomidagi kinostudiyada montajchi sifatida ishlagan, shuningdek, NTV televizion kanalda rejissyor boʻlgan. 2004 yilda rejissyor, ssenariy muallifi va prodyuser sifatida Podgaevskiy oʻzining birinchi filmini suratga oldi. Bu oʻn minutlik qisqa metrajli “Jedi” filmi boʻlib, u Jorj Lukasning “Yulduzli urushlar” olamiga asoslangan edi. Oʻsha yili rejissyor “Sayohat” qisqa metrajli filmni suratga oldi, 2005 yilda esa uning filmografiyasi “Xiyonatkor”, “Yaqin odamlar” va “Inson emas” kabi uchta qisqa metrajli ish bilan toʻldirildi. 2009 yilda Podgaevskiy “STGCINEMA” kinokompaniyasining asoschilaridan biri boʻldi va u yerda klipmeyster va reklama rolliklari rejissyori sifatida ishlagan. Oʻz ijodiy faoliyati davomida Svyatoslav “Stigmata”, Nayk Borzov, “Tarakonlar!”, “T9”, “Slot”, “Louna” va boshqa musiqa ijrochilari uchun klip suratga olgan. Oʻsha yili Podgaevskiy “Krizis sindromi” qisqa metrajli filmni suratga oldi, bu film “27+1” kinofestivalining ishtirokchisi boʻldi. 2010 yilda esa bu film AQSHning Michigan shtatidagi “Grand-Rapids” trillerlar kinofestivalining rasmiy dasturiga kirdi. 2011 yilda Podgaevskiy oʻzining birinchi toʻliq metrajli filmi “Vlasenie 18” ustida ishni tugatdi. Biroq nomaʼlum sabablarga koʻra uning premyerasi 2014 yilgacha kechiktirildi. 2015 yilda esa uning ikkinchi toʻliq metrajli filmi “Pikovaya dama: Qora marosim” chiqdi, bu film ham birinchisi kabi qoʻrqinchli janrda suratga olingan.