Kevin Makdonald (inglizcha Kevin Macdonald) - Britaniya rejissyori, ssenariy muallifi, aktyori, prodyuseri, operatori. U Shotlandiyada, Glazgo shahrida, 1967-yil 28-oktabrda tug'ilgan. Kevinning buvisi va bobosi butun umrlarini san'atga bag'ishlaganlar. Buvisi (Vendi Orm) aktrisa va ssenariy muallifi bo'lgan, bobosi (Emerik Pressburger) esa rejissyor, prodyuser va ssenariy muallifi edi. Pressburgerning mashhur ishlaridan biri "Qizil poyafzallar" va "Qora narsiss" filmlari. Kevinning Endryu Makdonald ismli katta akasi bor, u prodyuser hisoblanadi. Kevin Makdonald Shotlandiyadagi "Glenalmond College" maktab-internatida o'qigan. Uning birinchi rejissyorlik ishi 1994-yilda chiqqan "Qanday anglik bo'lish" hujjatli filmi hisoblanadi, bu film uning bobosining tarjimai holini hikoya qiladi. Keyinchalik "Chaplinning Goliat", "Kindertransport" va boshqa filmlar paydo bo'ldi. Makdonaldning jiddiy ishi 1999-yilda chiqqan "Bir kun sentyabrda" hujjatli tarixiy filmi hisoblanadi. Bu film 1972-yilda Myunxenda bo'lib o'tgan Olimpiada paytida arab terrorchilarining Isroil sportchilarini o'ldirishi haqida hikoya qiladi. Kevin Makdonald bu kinoproekt ustida katta ish olib borgan. U tirik qolgan oxirgi terrorchidan intervyu olgan. Rejissyorning mehnati unga "Eng yaxshi hujjatli film" nominatsiyasida "Oskar" mukofotini olib keldi. 2003-yilda "Bo'shliqqa teginish" hujjatli dramasi ekranga chiqdi. Bu ish ham kino tanqidchilarining e'tiborini tortdi va rejissorga munosib mukofot olib keldi. "Bo'shliqqa teginish" 2003-04 yillardagi "Eng yaxshi Britaniya filmi" deb topildi. 2011-yilda Kevin Makdonald barchani yangi loyihasi bilan hayratga solgan, bu uning boshqa rejissyorlik ishlaridan tubdan farq qilgan. "Google" kompaniyasi bilan hamkorlikda Makdonald butun dunyo bo'ylab odamlarning yuzlab havaskor videolarini o'z ichiga olgan film suratga olgan. Har qanday istagan odam ishtirok etishi mumkin edi. Natijada "Bir kun hayot" filmi yaratildi. Filmning premyerasi 2011-yil qishda Amerika "Sundance Film Festivali"da bo'lib o'tdi. Kevin Makdonaldning hisobida 40 ta film bor. Ulardan 20 tasida rejissyorlik qilgan, 9 tasida prodyuserlik, ikki filmga ssenariy yozgan ("Chaplinning Goliat", "Dushmanimning dushmani"), bir filmda epizod rolini o'ynagan ("HBO: Birinchi qarash"), bir filmda operator bo'lgan ("Being Mick"). Bundan tashqari, u 16 ta televizion loyihada ishtirok etgan. 2007-yilda "Shotlandiyaning oxirgi qiroli" filmi tomoshabinlarning yoqtirishini qozondi va A. Kordi mukofoti bilan "Yilning eng ajoyib filmi" deb topildi. 2013-yilda "Bob Marli" filmi ustida ishlagani uchun Makdonald Britaniya akademiyasi tomonidan "Eng yaxshi hujjatli film" nominatsiyasiga nomzod qilib ko'rsatildi. Kevin Makdonald ishlagan eng yaxshi filmlar orasida "Katta o'yin" detektiv dramasi ham bor. Rejissyor 1999-yildan beri Tatayana Land bilan turmush qurgan. Uning xotini mashhur rassom hisoblanadi. U "Jinoi, tashqariga chiq!", "Kassandraning orzusi", "Bebaho yarmarka", "Doktor Jivago", "Sharlotta Grey", "Billi Elliot" va boshqa kinoproektlarda dekorator sifatida ishlagan. Er-xotinning uchta farzandi bor.